O‘zbekiston Senati chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunni ko‘rib chiqdi.
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi aʼzosi, senator Anvar To‘ychiyev taʼkidlashicha, so‘nggi vaqtlarda ayrim chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi shaʼni, qadr-qimmati, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etish harakatlari uchrab turibdi.
Qonunga ko‘ra, bundan buyon O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati yuritiladi. O‘zbekiston suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga, xavfsizligiga zid bo‘lgan, shuningdek, davlatlararo ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan yoxud harakatlar sodir etgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu ro‘yxatga kiritiladi.
O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga kiritish, uni yuritish tartibi Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilanadi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Ro‘yxatga kiritish Oliy Majlis palatalari kengashlari hamda maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston hududiga belgilangan muddatga kiritilmaydi va unga nisbatan qator cheklovlar joriy etiladi. Xususan, 5 yil davomida O‘zbekiston hududiga kirishi, mamlakat hududida bank hisobvaraqlarini ochishi, ko‘chmas mulk sotib olishi, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etishi, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi.
Ushbu qayd etilgan taqiq va cheklovlarni qo‘llashda ro‘yxatdagi shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan O‘zbekiston hududida joylashgan xususiy mulkini begonalashtirilishi yaʼni sotishi yoki hadya etishi bundan mustasno.
Agar ro‘yxatga kiritilgan shaxs chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekistonda turgan yoki vaqtincha yashayotgan bo‘lsa, unga mamlakatdan chiqib ketishi uchun 10 kunlik muhlat beriladi. Ushbu shaxs belgilangan muddat ichida O‘zbekistondan chiqib ketmasa ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda deportatsiya qilinadi.
Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yilni tashkil etadi va u ro‘yxatga kiritish uchun asos bo‘lgan sabablarni ushbu muddat ichida bartaraf etadigan bo‘lsa, muddatidan ilgari ushbu ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
Qonun Senat tomonidan maʼqullanib, prezidentga yuborildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!