“Toza hudud” DUK ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun ham pul olgan.
Raqobat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi 2024 yil II-yarim yillik ish rejasiga muvofiq Surxondaryo viloyati “Toza hudud” DUKda aholiga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va holati hamda isteʼmolchilardan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul olish holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.
O‘rganish va tahlillarda mazkur viloyat “Toza hudud” DUK mavjud tartib-qoidalarga rioya qilmagan holda, yaʼni tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilmasdan (tasdiqlamasdan) yoki kelishib olmasdan qo‘llanilishi natijasida 522,6 mln so‘m, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 2,7 mlrd so‘m, jami 3,2 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha daromad olinganligi holati aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomi talablari buzilganligi alomatlari bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga (“Toza hudud” DUK) nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, 3,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!