JAMA Network Open jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, havo ifloslanishi Parkinson kasalligi xavfini oshirishi mumkin. Tadqiqotchilar havodagi ifloslantiruvchi moddalar—masalan, PM2.5 va azot dioksidi kabi birikmalar—bosh miya qon-boshqaruv tizimini kesib o‘tib, yallig‘lanish va stressga olib kelishi mumkinligini aniqlashdi. Bu esa miyada dofamin (baxt gormoni) ishlab chiqaruvchi hujayralarining yo‘qolishiga olib kelishi, Parkinson kasalligini rivojlanishiga va davom etishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Iflos havo Parkinson xavfini 23 foizga oshiradi
Ushbu tadqiqotda 1998-yildan 2019-yilgacha bo‘lgan davrda ifloslanishga duch kelgan deyarli 5 200 kishi, jumladan, Parkinsonga chalingan 350 nafar bemor ishtirok etgan. Tadqiqotchilar Parkinson kasalligiga chalingan odamlar kasallik tashxisidan oldingi 10 yil davomida PM2.5 va azot dioksidi kabi havodagi ifloslantiruvchi moddalar ta’siriga ko‘proq duch kelganini aniqladi. Xususan, shahar hududlarida va havo ifloslanishi eng yuqori bo‘lgan joylarda yashovchi odamlarning Parkinson kasalligiga chalinish ehtimoli, toza havoli joylarda yashovchilarga qaraganda 23 foizga yuqoriroq ekanligi aniqlangan.
Parkinson qanday kasallik?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, parkinson kasalligi — jismoniy faoliyatni susaytiradigan va ruhiy kasalliklar, uyqu buzilishi, og‘riq va boshqa muammolarini keltirib chiqaradigan miya kasalligi. Uning keng tarqalgan belgilari titroq, og‘riqli mushaklar qisqarishi va nutq muammolarini o‘z ichiga oladi. Kasallikni davolab bo‘lmaydi, ammo uning alomatlarini turli xil terapiya va dori-darmonlar bilan kamaytirish mumkin. Ko‘p hollarda parkinson kasalligi nogironlikka va tashqi yordamga muhtojlikka olib keladi. U bilan og‘rigan ko‘plab odamlarda demensiya (xotira, diqqat va nutqning biroz darajada buzilishi) rivojlanadi. Parkinson, odatda, keksa odamlarda uchraydi, lekin yoshlarda ham paydo bo‘lishi mumkin. U ayollarga qaraganda erkaklarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Kasallikning sababi noma’lum, biroq uning rivojlanish xavfi parkinson kasalligi bilan og‘rigan qarindoshlari bo‘lgan odamlarda yuqori.
Toshkent havosi va Parkinson xavfi
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kasallik dunyo bo‘ylab har 1000 kishidan 1−3 nafarida (0,1−0,3 foiz) uchraydi. Yevropa Ittifoqida 2021-yilda har 100 000 kishiga 344 nafar Parkinsonga chalingan bemor to‘g‘ri kelgan. So‘nggi paytlarda esa O‘zbekistonda ham ushbu kasallikka chalinganlar soni ortib bormoqda. Ma’lumki, Toshkent havosi yildan-yilga, ayniqsa, qish mavsumida ifloslanib bormoqda,. Sovuq havoda ko‘mir va boshqa yoqilg‘ilarni ko‘proq ishlatish natijasida PM2.5 va azot dioksidi darajasi ko‘tariladi, bu esa nafaqat umumiy sog‘liqqa zararli, balki neyrodegenerativ kasalliklar, jumladan, Parkinson kasalligi xavfini ham oshirishi mumkin. Shahar atrofidagi ifloslangan hududlarda uzoq muddat yashash yoki ishlash, odamlarning havo orqali kiruvchi zararli moddalar bilan uzoq davom etadigan aloqada bo‘lishiga olib keladi, bu esa Parkinson kasalligining rivojlanishiga ta’sir qilmay qolmaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!