Ukraina va AQSH delegatsiyalarining 11-mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilgan muzokaralari yakuniga ko‘ra, Kiyev 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik berdi. Rossiya ham kelishuvga rozi bo‘lsa, u darhol kuchga kiradi.
Ukraina prezidenti devoni e’lon qilgan qo‘shma bayonotga ko‘ra, tomonlar quyidagi masalalarda kelishuvga erishgan:
O‘t ochishni to‘xtatish – Ukraina 30 kun davomida harbiy harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Agar Rossiya ham kelishuvga qo‘shilsa, sulh muddati tomonlarning xohishiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin.
Asirlar va mahbuslar almashinuvi – Ukraina va Rossiya harbiy asirlarni o‘zaro almashishi, shuningdek, tinch aholi vakillaridan bo‘lgan mahbuslarni ozod qilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, majburan Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalar vataniga qaytariladi.
AQSH harbiy yordami – Vashington Ukrainaga harbiy yordamni qayta tiklaydi hamda razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlash bo‘yicha avval o‘rnatilgan cheklovni bekor qiladi.
Yerosti boyliklari bo‘yicha hamkorlik – Ukraina AQSH bilan nodir yerosti boyliklarini o‘zlashtirish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvni imkon qadar tezroq imzolaydi.
Endilikda Qo‘shma Shtatlar ushbu takliflarni Rossiya bilan muhokama qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!