Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida maktab o‘quvchilari suvdan zaharlandi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat Olmaliq shahrida joylashgan ixtisoslashtirilgan Buxoro maktabida sodir bo‘lgan. Ayni paytda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Olmaliq shahar bo‘limida faoliyat yurituvchi mas’ullardan iborat ishchi guruh holatni o‘rganmoqda.
O‘rganishlar yakunida batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar oyida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘quvchilar ovqatdan zaharlangandi. Maktab-internatga autsors xizmati ko‘rsatgan xususiy korxona tomonidan iste’molga yaroqsiz bo‘lgan mahsulotlardan sifatsiz oziq-ovqat tayyorlanishi oqibatida 33 nafar o‘quvchi “O‘tkir gastrit” alomatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgandi.
Avgust oyida esa Jizzax viloyatida 2 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlandi. Bolalar yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!