Rossiya vakillari “Byurgenshtok” jarayoni doirasidagi hech qanday uchrashuvda qatnashmagan va qatnashish niyatida ham emas, dedi Zaxarova.U Ukraina va jahon hamjamiyatini “Rossiyaga taslim bo‘lish ultimatumini taqdim etish” niyatida aybladi. Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2024-yil noyabrga rejalashtirilgan navbatdagi Global tinchlik sammiti tashkilotchilari Rossiyani ham taklif qilmoqchi ekanini aytgandi.

Bundan tashqari, Zelenskiy sentyabr oyida AQSH prezidenti Jo Bayden bilan urushni tugatishning “g‘alaba rejasi” muhokama qilishini bildirdi. U o‘z strategiyasini AQSH prezidentligiga nomzodlar Kamola Harris va Donald Trampga ham taqdim etmoqchi.

Zelenskiy g‘alaba Ukraina uchun “juda kuchli diplomatiyaga tayyor” bo‘lishni anglatishi, shu sababli mazkur reja tayyorlanganini aytgandi.

Tinchlik sammitidan oldin shaxsan Jo Bayden bilan kuchli pozitsiyada bo‘lishimiz uchun bizni qanday mustahkamlash haqida gaplashaman. Chunki kuchli bo‘lsangiz, diplomatik yechimlar samarali bo‘ladi. Aks holda, Putin bu jarayonda ishtirok etmaydi, degan u.

Zelenskiy “g‘alaba rejasi” xavfsizlik, Ukrainaning geosiyosiy o‘rni, kuchli harbiy va iqtisodiy yordamni o‘z ichiga olishini ma’lum qilgan.