Jahon

Rossiyaning Ukrainadagi urushda qancha askar yo’qotdi?

Rossiyaning Ukrainadagi urushda qancha askar yo’qotdi?

BBC “Mediazona” va ko‘ngillilar guruhi bilan birgalikda, ochiq maʼlumotlarga asoslangan holda Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 70 mingdan ortiq rossiyalik harbiylarning ismlarini aniqladi. Vafot etgan har beshinchi odam urush boshlanganidan keyin Rossiya armiyasi yoki Rosgvardiya bilan shartnoma imzolashga qaror qilgan kishi bo‘lgan.

Minglab nekrologlar butun urush davomida halok bo‘lgan o‘rtacha rus jangchisining qiyofasi qanday o‘zgarganini ko‘rsatadi.

BBC 2022-yilda o‘limini tasdiqlatgan oddiy harbiy xizmatchi o‘rtacha 21 yoshda bo‘lgan va shartnoma asosida maxsus kuchlar, havo-desant kuchlari yoki dengiz piyodalari kabi elita bo‘linmalarida xizmat qilgan. Bugungi kunda esa 40, 50 va hatto 60 yoshli erkaklar, aksariyat hollarda jangovar tajriba yoki maxsus tayyorgarliksiz frontga jo‘natilmoqda.

Ayni paytda eng ko‘p rossiyalik harbiy qurbonlar ko‘ngillilar orasida berilmoqda. Bu askarlar professional askarlardan juda farq qiladi: urushdan oldin ular ko‘p yillar davomida fuqarolik sektorida ishlagan va frontga yuborilgunga qadar uch kundan o‘n kungacha davom etgan tayyorgarlikdan o‘tgan, xolos.

O‘rganishlarda urushda kamida 13 781 nafar ko‘ngilli halok bo‘lgani aniqlandi. Bu – Rossiya tomonida tasdiqlangan yo‘qotishlarning 20 foizini tashkil qiladi. 2024-yil sentyabr oyidan boshlab ko‘ngillilar yo‘qotishlari urush qatnashchilarining boshqa toifalari, shu jumladan mahbuslar (barcha aniqlangan o‘limlarning 19%) va safarbar qilinganlar (13%) yo‘qotishlaridan oshib ketdi.

Hozirgi kunda urushda asosan 42 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan ko‘ngillilar halok bo‘lishmoqda – bu ushbu toifadagi barcha o‘limlarning 30 foizini tashkil qiladi. O‘lgan eng keksa ko‘ngilli 71 yoshda, jami 60 yoshdan oshgan 250 nafar ko‘ngilli urushda halok bo‘lgan.

2022-yil aprelidan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida ko‘ngilli bo‘linmalar muhim rol o‘ynashni boshladi. Harbiy qo‘mondonlik bosqinning dastlabki oylarida omon qolgan desantchilar va maxsus kuchlarni avaylashni boshladi, ulardan pozitsiyalarni egallash va snayper operatsiyalari uchun foydalanmoqda.

2022-yil oxiri va 2023-yil boshida frontning eng qiyin jabhalari mahbuslar otryadlari tomonidan qoplana boshlandi. Biroq 2024 yil boshiga kelib, ushbu birliklar soni pasayib ketdi.

Eʼlon qilingan nekrologlarga ko‘ra, ko‘ngillilarni yollash hozirda Ukrainada joylashgan Rossiya harbiylari safini to‘ldirishning asosiy usuli hisoblanadi.

Rossiya armiyasi “Vagner” guruhi taktikasini qo‘llashda davom etmoqda – turli yo‘nalishlarda kichik hujum guruhlari yordamida to‘lqinsimon hujum uyushtirilmoqda. Bu usul askarlar orasida katta yo‘qotishlariga olib keladi, lekin dushmanni charchatadi va Ukraina artilleriyasining mudofaa kuchini pasaytiradi.

Rossiya urush boshidan buyon Ukrainada 4104 zobitini, shu jumladan 7 general va podpolkovnik hamda undan yuqori darajali yana 458 kishini yo‘qotdi.

Halok bo‘lgan ofitserlar orasida 1142 nafar elita kuchlari zobitlari (Havo-desant kuchlari, dengiz piyodalari korpusi, maxsus kuchlar, Rossiya gvardiyasining maxsus bo‘linmalari, shuningdek, harbiy uchuvchilar) bor.

Yuqoridagi hisob-kitoblar hisobga olinsa, Rossiya tomonida halok bo‘lganlarning haqiqiy soni 107 864 dan 155 804 gacha bo‘lishi mumkin.

Agar o‘zini o‘zi mustaqil deb eʼlon qilgan Donesk va Lugansk xalq respublikalari bo‘linmalari tarkibida Ukrainaga qarshi jang qilganlarni ro‘yxatga kiritiladigan bo‘lsa, Rossiya tomonidagi yo‘qotishlarning umumiy soni sezilarli darajada oshadi.

Uzoq vaqt davomida aloqada bo‘lmagan LDNR aʼzolarini qidirish haqidagi eʼlon qilingan nekrolog va xabarlarni o‘rgangan BBC shu yil sentyabr oyi oxiri holatiga ko‘ra, 21 000 – 23 500 kishi halok bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelgan.

To‘plangan maʼlumotlarga asoslanib, rossiyaparast kuchlar tomonidan qurbonlarning umumiy soni 129 000 dan 180 000 harbiy xizmatchilar oralig‘ida bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

O‘lganlardan tashqari, urushda og‘ir yaradorlar (jarohat tufayli xizmatdan bo‘shatilgan) va bedarak yo‘qolganlarni ham bor. Ochiq maʼlumotlar asosida ushbu toifalarning hatto taxminan sonini aniqlash juda qiyin, chunki ular haqida deyarli xabar berilmaydi. Og‘ir jarohatlanganlar soni bo‘yicha eng konservativ hisob-kitob Mediazona va Meduza tomonidan 2022-yilda jarohatlar uchun tovon to‘lovlari asosida tuzilgan.

Ushbu maʼlumotlarni hisobga olgan holda, og‘ir yaradorlarning o‘liklarga nisbati kamida 1,7-2 ga 1 nisbatda bo‘lishi mumkin, yaʼni har bir o‘lik uchun yana ikkita og‘ir yarador, tuzatib bo‘lmaydigan darajada sog‘lig‘ini yo‘qotgan harbiylar. Rossiya tomonida yaradorlar va o‘liklarning umumiy nisbati har bir o‘lgan kishiga 4 yaradorni tashkil qilishi mumkin.

Shunday qilib, Rossiya tomonidagi tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar soni, og‘ir yaradorlarni hisobga olgan holda, 387 dan 540 ming kishigacha bo‘lishi mumkin.