Qayd etilishicha, Yunusobod tumanida avtomobil yo‘lida yurgan nogironligi bor shaxsning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, tuman ichki ishlar organlari xodimlari u bilan profilaktik suhbat olib bordi.
“Tilanchilik qilayotganimda ichki ishlar xodimlari ko‘rib, olib keldi. Eski-tuski narsalar, oyoq kiyim tikardim. O‘zimning ishimga qaytaman. Davlat xodimlari tushuntirdi, qonunga zid ekan”, deydi erkak.
Shuningdek, profilaktik tadbirlar davomida farzandini tirikchilik manbayi qilib olgan, ularning hayotini xavf ostida qoldirayotgan ayollar ham uchragan. Ularning ko‘pchiligi 40 yoshdan oshmagan ayollar ekani ta’kidlandi.
Yerosti o‘tish yo‘lida tilanchilik qilayotgan ikki nafar ayol shaxsiga aniqlik kiritilib, dastlabki hujjatlar rasmiylashtirildi va sudga yuborildi. Huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanildi.
Yangihayot tumani o‘tkazilgan reyd tadbirlarida esa voyaga yetmagan ikki qiz tilanchilik qilayotgani aniqlangan. Qayd etilishicha, ular asli Samarqand viloyatidan bo‘lib, Toshkent shahriga tilanchilik maqsadida kelgan. O‘smirlar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga yuborilgan.