Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovga oʻzaro ishonchni mustahkamlash yoʻlida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini aytdi. Avvalroq Toshkentdagi maktabda rus tili oʻqituvchisi oʻquvchini urgani yuzasidan RF TIV rasmiy vakili Oʻzbekistondan rasmiy tushuntirish soʻralganini ma’lum qilgan edi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rossiyalik hamkasbi bilan Nyu-Yorkda uchrashdi. Bu haqda vazir oʻz Telegram kanalida xabar qildi.
Xabarda strategik sheriklikning dolzarb mavzulari, shuningdek, boʻlajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan atroflicha suhbat oʻtkazilgani ta’kidlangan.
Shuningdek, uchrashuvda davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini taʻʻkidlangan.
«Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik», — deb yozdi vazir.
Mazkur bayonot Toshkentdagi maktabda rus tili oʻqituvchisi oʻquvchini urgani yuzasidan Rossiya TIV rasmiy vakili Oʻzbekistondan rasmiy tushuntirish soʻralganini ma’lum qilgani ortidan e’lon qilindi.