Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tizimida koʻp yil ishlagan jamoat arbobi, asli oʻzbekistonlik Kamola Mahmudova uzoq davom etgan xastalikdan soʻng 48 yoshida Londonda vafot etdi.
Maʼlumot uchun, u YTTBning mintaqadagi yirik loyihalariga rahbarlik qilgan. Soʻngi vaqtlarda esa Ozarboyjondagi vakolatxona direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Xabarda aytilishicha, Mahmudova Oʻzbekistonda koʻplab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan. Jumladan, Khan Academy taʼlim platformasini oʻzbek tilida ishlab chiqishga koʻmaklashish, saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berish va Buxoroda koʻchat ekish ishlari olimaning saʼy-harakatlari bilan amalga oshirilgan.
“Kamola Mahmudova olamdan oʻtdi… Ogʻir va uzoq davom etgan kasallikdan keyin… Ishonish qiyin, bu shok, bu butun oʻzbeklar va oʻzbekistonliklar uchun katta yoʻqotish. U oʻzining qisqa umri davomida juda koʻp yutuqlarga erishdi, Oʻzbekiston uchun, oʻzbek madaniyatining Buyuk Britaniya va butun dunyoda keng targʻib qilinishi uchun koʻp ishlar qildi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida katta lavozimlarda ishladi va doim Oʻzbekistonga va oʻzbekistonliklarga yordam berdi. Londonda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini uyushtirgan asosiy shaxslardan biri edi… U juda yorqin, koʻp qirrali, gʻayratli, koʻngli ochiq va kamtarin shaxs edi. Uzoq masofaga yugurish, yoga va qadimgi Sharq falsafasiga qiziqardi. Unda har doim qiziq gʻoyalar, rejalar va loyihalar koʻp boʻlardi. U hayotimda uchratgan eng yorqin shaxslardan biri edi”, — deb yozib qoldirdi Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi, professor Alisher Fayzullayev ham oʻz Meta (Facebook) sahifasida.
2020-yilda Shavkat Mirziyoyev Kamola Mahmudovani “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlagan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!