Siyosat

Kelajak avlodga tabiiy muhit qoldirish zarur

Kelajak avlodga tabiiy muhit qoldirish zarur

Tabiat uchun birlashaylik shiori ostida o‘tkazilgan uchrashuvda partiya faollari, ekologlar, atrof-muhitga befarq bo‘lmagan yoshlardan iborat 300 ga yaqin saylovchilar ishtirok etdi.

Uchrashuvda partiyaning atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligi saqlash, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» energetikani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan kelgusi besh yillikdagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi 2030-yilga qadar yirik shaharlarda yo‘lovchilarning velosipedda harakatlanish ulushini 20 foizga yetkazish, atrof-muhitga zarar yetkazish hisobiga olingan energiya ulushini kamida 25 foizga qisqartirish, sanoatda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali energiya sarfini 50 foizga qisqartirish, 2030-yilgacha energiya balansida ekologik toza va qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini ikki karra oshirishni  o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygani ta’kidlandi.

Partiya daraxtzorlar mavjud bo‘lgan yer maydonlarini qurilish maqsadlarida realizatsiya qilinishini qonun bilan taqiqlash, 10 yoshdan katta daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga butunlay cheklov qo‘yish, kerak bo‘lsa, qurilish maqsadlarida daraxtlarni noqonuniy kesgan tadbirkorlarning yerga bo‘lgan huquqini bekor qilish tartibini joriy qilish zarur, deb hisoblaydi.

Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklardan foydalanishga va yovvoyi hayvonlarni ov qilishga muddatsiz moratoriy e’lon qilish, yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun belgilangan to‘lov miqdorini esa 10 baravarga oshirish kerakligi alohida qayd etildi.

Uchrashuvda saylovchilarni qiziqtirgan savollarga partiya rahbari tomonidan atroflicha javob qaytarilib, bo‘lajak saylovlarda O‘zbekiston Ekologik  partiyasiga va partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishga chaqirildi.