Jamiyat

O‘zbekistonda qasddan badanga yengil shikast yetkazganlar endi jinoiy javobgarlikka tortilmaydi

O‘zbekistonda qasddan badanga yengil shikast yetkazganlar endi jinoiy javobgarlikka tortilmaydi

O‘zbekistonda qasddan badanga yengil shikast yetkazganlar endi jinoiy emas, maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Qonun bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, kodekslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni maʼmuriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, mazkur huquqiy normani yangi tavsifiy belgilar bilan to‘ldirish, yarashuv institutiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirish belgilanmoqda.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa:

BHMning 5 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga;

15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.