Jahon, Siyosat

MDH davlatlari Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan dasturni qabul qildi

MDH davlatlari Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan dasturni qabul qildi

Hujjat 2020-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan sammitda e’lon qilingan Shavkat Mirziyoyev tashabbusini amalga oshirish maqsadida Terrorizm va ekstremizmning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashish muammolarini o‘rganish bo‘yicha bazaviy tashkilot hamda MDHga a’zo davlatlarning Terrorizmga qarshi markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

Dastur radikalizmning paydo bo‘lishi va tarqalishiga yordam beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan. Uning asosiy vazifalari Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning xalqaro huquqiy asoslarini ishlab chiqish, o‘zaro hamkorlik amaliyotini rivojlantirish, davlatlarning radikalizatsiya sohasidagi faoliyatini axborot-tahliliy va ilmiy-uslubiy ta’minlashdan iborat.

“Hamdo‘stlik faoliyatining eng muhim yo‘nalishi xavfsizlik va huquqni muhofaza qilishni ta’minlashdan iborat. Bunda vakolatli organlar va ixtisoslashtirilgan xizmatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan tayyorlangan deradikalizatsiya sohasida bugun biz qabul qilayotgan hamkorlik dasturini alohida ta’kidlamoqchiman. U radikal va ekstremistik oqimlarning qonuniylashtirilishining oldini olishga, konfessiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan”, degan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin MDH sammitida.

Shuningdek, MDH Davlat rahbarlari kengashining qarori bilan 2027-yil Hamdo‘stlikda “Huquqiy ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Bu aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, MDH mamlakatlari fuqarolariga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirish hamda qonunga hurmatga asoslangan barqaror jamiyatni shakllantirishga ham hissa qo‘shadi.

MDH sammitida 14 ta hujjat imzolandi

Davlat rahbarlari, shuningdek, fuqarolik maqsadlarida sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Bayonotni qabul qildi. Hujjatda jamiyat va davlat hayotining asosiy jabhalariga sun’iy intellekt texnologiyalari tobora ko‘payib borayotgani qayd etilib, jamiyat va davlat hayotining turli jabhalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ustidan davlat nazorati, infratuzilma, jumladan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun raqamli texnologiyalarni yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlangan.