Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.
ToshkentboshplanLITI” korxonasida Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda puxta ish olib borildi.
Loyihaga koʻra, Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar oʻzgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qoʻshimcha qurilishlar qilish mumkin boʻladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar oʻrnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.
Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra koʻpaytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshadi.
Shaharsozlik talabiga koʻra, aholi oʻz yashash joyidan eng yaqin bogʻcha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarigacha koʻpi bilan 15 daqiqada yetib bora olishi kerak. Shu bois jamoat transporti tarmogʻi kengaytirilib, bogʻlamlar va bekatlar koʻpaytiriladi. Yangi yoʻllar qurilib, metrobus yoʻnalishlari tashkil etiladi.
Soʻnggi yillardagi oʻsish natijasida Toshkentda elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasi yuklama bilan ishlayapti. Bosh reja loyihasida bu quvvatlarni oshirish manbalari ham hisob-kitob qilingan.
Bosh reja tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida hamda Toshkent shahar hokimligi veb-saytida ochiq maʼlumot sifatida joylashtiriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!