Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining rivoji, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishmoqda. Davlat rahbari dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurdi.
Ilgari bu yerning markazi yo‘q edi. Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab yangi bino va majmualar qad ko‘targach, hududning qiyofasi tamoman o‘zgardi. Xususan, ushbu bosh ko‘cha kengaytirilgan holda qayta qurildi. Uning ikki tarafida Davlat xizmatlari markazi, Yoshlar markazi, madaniyat saroyi, amfiteatr, universal sport majmuasi, xotira maydoni va sayilgoh kabi ko‘rkam inshootlar barpo etildi.
Eski, pastqam uylar o‘rnida 41 ta ko‘p qavatli turar joy qurildi. Endi ulardagi 2 ming 536 ta xonadonda 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu uylarning yerto‘la va birinchi qavatida savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha 270 ta shoxobcha tashkil qilinmoqda. Ularda 1 ming 350 kishi, jumladan, shu yerlik yoshlar va ayollar ishli bo‘ladi.
Davlat rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!