Yangiliklar

Buxoroda saksovul kesganlar ekologiya inspektorlariga hujum qildi

Buxoroda saksovul kesganlar ekologiya inspektorlariga hujum qildi
Oplus_131072

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati sentyabr va oktyabr oylarida Buxoro viloyatida saksovulni noqonuniy kesish bo‘yicha 25 ta holat aniqlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar bo‘yicha, huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi — daraxtlar va boshqa o‘simliklarni noqonuniy kesish (fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Unga ko‘ra, 25 ta holatda tabiatga 29 million 702 ming 400 so‘m zarar yetkazilgani hisoblangan va 222 million 900 ming so‘m jarima tayinlangan. Huquqbuzarlar jami 252 million 602 ming 400 so‘m tovon to‘lashlari belgilangan.

Cho‘l hududlarida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida viloyat ekologiya boshqarmasi inspektorlari huquqbuzarlarni ta’qib qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Ba’zi hollarda saksovul kesuvchilar inspektorlarning hayotini xavf ostiga qo‘yishgan.

Jumladan vazirlik tomonidan e’lon qilingan videoda saksovul yuklangan samosval haydovchilari orqasidan kelayotgan ekologiya inspektorlari yo‘liga daraxtlarni tashlab ketayotgani aks etgan. Kadrlarda saksovul kesuvchilar inspektorlarga qarata daraxtlar bo‘laklarini uloqtirayotganini ko‘rish mumkin.