Siyosat

Xorijdagi o‘zbekistonliklar yangicha saylov tizimi orqali ovoz berishadi

Xorijdagi o‘zbekistonliklar yangicha saylov tizimi orqali ovoz berishadi

Xorijdagi vatandoshlarimiz yangicha saylov tizimi orqali ovoz berishadi. Bu nimani anglatadi?

Xorijdagi saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlaridagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuziladi.

Chet davlatlaridagi O‘zbekiston fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kirish uchun yozma shaklda xorijdagi saylov komissiyalariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga saylov.mfa.uz veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qiladilar.

Fuqaro murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlar tekshiriladi hamda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Xorijdagi saylov komissiyasi fuqarolarni ovoz berish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.

Aholi zich joylashgan hududlarda xorijdagi fuqarolar uchun 16-oktbyardan 23-oktyabrgacha muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilmoqda.

27-oktyabr saylov kuni xorijdagi saylov uchastkalarida ovoz berish mumkin bo‘ladi.

Avval xorijdagi vatandoshlarimiz qaysi viloyatdan bo‘lishidan qat’i nazar Qonunchilik palatasining Toshkent shahridan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlariga ovoz berishgan.

Endilikda yangi saylov tizimiga asosan xorijdagi fuqarolarimiz proporsional saylov tizimi asosida bevosita siyosiy partiyalarga ovoz berishadi.

Shunga ko‘ra xorijdagi ovoz berayotgan saylovchilarga siyosiy partiyalarning nomi tushirilgan bitta saylov byulleteni taqdim etiladi.

Ovoz berish xorijdagi saylov uchastkasi joylashgan hududdagi mahalliy vaqt bilan 8:00dan 20:00ga qadar amalga oshiriladi.