Iqtisod, Jahon, Jamiyat

Endi import qilinadigan avtotransportlar Piskent poligonida sinovdan o‘tkaziladi

Endi import qilinadigan avtotransportlar Piskent poligonida sinovdan o‘tkaziladi

1-noyabrdan boshlab rasmiy dilerlar tomonidan O‘zbekiston hududiga import qilinadigan avtomashinalar Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi poligonda to‘liq sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi matubot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu harakat xavfsizlik darajasini oshirish va mamlakatga olib kirilayotgan transport vositalarining sifatini yaxshilashga qaratilgan.

“Kafolatli dilerlar chet eldan mashina olib kelgan taqdirda Piskentdagi poligonda 3 oylik sinov amalga oshiriladi. Bizning yozimiz, qishimiz, kuzimiz bor. Mashinalarni 15 ming km yurdirib, muvofiqlik sertifikati beramiz. Bu talab kafolat nuqtai nazaridan aytilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Agentlik rahbari o‘rinbosari Odiljon Tohirovning aytishicha, tashkilot o‘tkazayotgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi.

“Buning uchun BMTning transport sohasiga oid qoidalarini amaliyotga kiritamiz. Ushbu qoidalar asosida sinovlarni o‘tkazish faqatgina xalqaro ISO tashkilotining (International Organization for Standardization) standartlari va Yevropa direktivalari asosida amalga oshiriladi. Har bir transport vositasini tekshirish yoki ularga turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish orqali xavfsizlik ham ta’minlanadi hamda iste’molchilarning huquqi ham himoya qilinadi”, — dedi u.

Mazkur talab asosan rasmiy dilerlar olib keladigan mashinalar uchun taaluqli, o‘z ehtiyoji uchun xorijdan avtomobil olib kelayotgan shaxslar bundan mustasno.