Toshkent viloyatida hayvonot dunyosiga 49 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan baliqchilar ushlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum bo’lishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi post-patrul xizmati hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan birgalikda nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Tadbir davomida 1994-yil Angren shahrida tug‘ilgan fuqaro U.D. tomonidan shaharning Gulbog‘ MFY hududidan oqib o‘tuvchi Ohangaron daryosidan noqonuniy ravishda leskali to‘r yordamida 656 dona qorabaliq (marinka) ovlayotgan holati aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha hayvonot dunyosiga 49 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan. Bu borada to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
“Shu bilan birga noqonuniy baliq ovidagi avtotransport vositasi shahardagi jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtirildi hamda daliliy ashyo sifatida olingan baliqlar mahalla hududidagi oilalarga tarqatildi”, deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!