Jahon

Putin Kursk viloyatida 2 ming ukrain askari qamalda qolganini e’lon qildi

Putin Kursk viloyatida 2 ming ukrain askari qamalda qolganini e’lon qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatiga bostirib kirgan Ukraina Qurolli kuchlarining ayrim boʻlinmalari qurshovga olingani va yoʻq qilinayotganini bildirdi. Bundan tashqari, u Rossiya armiyasi Ukrainadagi butun front chizigʻi boʻylab oldinga siljishda davom etayotganini ta’kidladi. Ukraina tomoni hozircha uning bayonotlariga munosabat bildirgani yoʻq.

Kursk viloyatiga bostirib kirgan Ukraina Qurolli kuchlarining ayrim boʻlinmalari “toʻsib qoʻyilgan va oʻrab olingan”, deya ma’lum qildi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Uning soʻzlariga koʻra, 2 mingga yaqin ukrain askarlari qurshovda.

«Rossiya armiyasi bu guruhni yoʻq qilishni boshladi», – dedi u Qozondagi BRIKS sammiti yakunlari boʻyicha matbuot anjumanida.

Putin, shuningdek, Ukraina kuchlari qurshovdan chiqib ketishga urinayotgani, biroq ularning barcha urinishlari muvaffaqiyatsizligicha qolayotganini aytdi. Bundan tashqari, u Rossiya armiyasi Ukrainadagi butun front chizigʻi boʻylab oldinga siljishda davom etayotganini ta’kidladi. Ayni paytda Ukraina qoʻmondonligi bu bayonotlarga rasman izoh bergani yoʻq.

Eslatib oʻtamiz, Ukraina Qurolli kuchlari 6-avgust kuni Rossiyaning Kursk viloyatiga hujum boshlagan va bosh qoʻmondon Aleksandr Sirskiyning soʻzlariga koʻra, jangovar harakatlarning birinchi haftasida 100 ga yaqin aholi punktini egallab, 1300 kvadrat kilometr hududda nazorat oʻrnatgandi. Urushni oʻrganish instituti (ISW) ma’lumotlariga koʻra, Ukraina armiyasining nazorat zonasi taxminan 1160 kvadrat kilometrni tashkil qilgan.

Sentyabr va oktyabr oylarida rus qoʻshinlari qarshi hujumga oʻtishga harakat qilishdi. Oktyabr oyi oʻrtalarida Ukrainaning DeepState tahlil loyihasiga koʻra, Ukraina Qurolli Kuchlari nazorati ostida 660 kvadrat kilometrdan koʻp boʻlmagan hudud qolgan, yana 360 kvadrat kilometr “kulrang zona” boʻlgan. Shu fonda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiev Kursk viloyatida “bufer zona” yaratishga muvaffaq boʻlganini aytdi. Shuningdek, u ushbu bosqinning strategik maqsadlaridan biri ekanligini va Ukraina qoʻshinlari oʻz pozitsiyalarini saqlab qolishda davom etishini bildirdi.