Bugun, 26-oktyabr tunda Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirilgan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, suiqasd tungi soat 1:30 lar atrofida Komil Allamjonovning Qibray tumanidagi uyi yaqinida sodir bo‘lgan.
Ikki noma’lum shaxs u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringan. Allamjonovga zarar yetmagan.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko’ra, ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Gumon qilinuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Komil Allamjonov joriy yil 30-sentabr kuni Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan ozod etilgandi. Keyinroq u faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!