Kecha, 25-oktyabr kuni Rossiya uchuvchisiz samolyoti Ukraina poytaxti Kiyevdagi ko‘p qavatli turar-joy binosiga urilgani oqibatida yuqori qavatlarda yong‘in kelib chiqqan. Bir kishi halok bo‘lgan va besh kishi jarohatlangan. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Poytaxt harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoning aytishicha, shahar markazidan g‘arbda joylashgan Solomyanskiy tumanidagi ko‘p qavatli uydan 100 dan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.
«Solomyanskiy tumanidagi ko‘p qavatli uyda 17-qavatdan 21-qavatgacha bo‘lgan xonadonlar shikastlangan», degan Popko.
Shahar meri Vitaliy Klichko o‘smir qiz vafot etganini aytgan. Besh yaradordan biri shifoxonada davolanayotgan bo‘sa, voqea joyida birinchi tibbiy yordam chodiri o‘rnatilgan.
Favqulodda xizmatlar yong‘in nazoratga olinganini ma’lum qilgan. Ularning saytida joylashtirilgan fotosuratlar va videolarda o‘t o‘chiruvchilar yong‘inga qarshi kurashda uzun ko‘targichlardan foydalangani ko‘rsatilgan.
Popko shuningdek, dron parchalari markaziy Shevchenkivskiy tumanidagi ochiq maydonga ham qulaganini bildirgan. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!