Jahon

Oʻzbekiston va Iordaniya aviatsiyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

Oʻzbekiston va Iordaniya aviatsiyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida boʻlib oʻtayotgan ICAOning ICAN-2024 tadbirida Oʻzbekiston delegatsiyaning navbatdagi muzokaralari Iordaniya bilan boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Iordaniya Oʻzbekiston uchun mutlaqo yangi yoʻnalish boʻlib, shu kunga qadar ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlar amalga oshirilmagan. Biroq, Istanbul va Dubay shaharlari orqali 2023-yil davomida 1500 dan ortiq, 2024-yilning 9 oyi davomida 1200 dan ortiq Iordaniya fuqarolari Oʻzbekistonga kirib kelgan boʻlsa, 2023-yil davomida 2000 dan ortiq, 2024-yilning 9 oyi davomida 3000 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarolari turli xil maqsadlarda Iordaniyaga tashrif buyurgan.

Iordaniya aviatsiyasi maʼmuriyati bilan oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida Havo qatnovi toʻgʻrisida ikki tomonlama hukumatlararo bitimda aviakompaniyalar soniga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish hamda parvozlar xavfsizligiga oid qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Bayonnoma parafir qilindi va ikki davlat aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu erishilgan kelishuv natijasida Iordaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida ikki tomonlama turizmni rivojlantirish, Oʻzbekiston fuqarolari Iordaniyaga tashrif buyurganda qadimiy Sharqiy Rim davridan qolgan tarixiy obidalar bilan tanishishi uchun yangi turistik marshrutlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Iordaniyaliklarni “Ziyorat turizmi” doirasida Oʻzbekistonga jalb etish maqsadida Turizm qoʻmitasiga koʻmaklashish va amaliy yordam berish uchun zamin yaratildi.