Jahon

Qirg‘iziston madhiyasi o‘zgarishi mumkin

Qirg‘iziston madhiyasi o‘zgarishi mumkin

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat madhiyasi o‘zgarishini qo‘llab-quvvatladi. U “Kabar” agentligiga bergan intervyusida o‘z fikrini bildirdi.

Siyosatchi buning hech qanday salbiy jihati yo‘qligi, amaldagi madhiya 33 yil avval, Qirg‘iziston mustaqillikka endigina erishgan paytda yozilganini aytdi.

“Biz endi mustaqillikka erishib, o‘z taqdirimizni qo‘limizga olib, oldinga intilayotgan edik — madhiya mualliflari aynan shunday quvonch va hayajon bilan yozgan edi. O‘shandan buyon 33 yil o‘tdi. Biz davlat sifatida to‘liq shakllandik. Bizni butun dunyo tan olmoqda. Yuz yildan keyin ham ozod bo‘lganimiz va mustaqil davlatga aylanganligimiz haqida kuylab yuramizmi?”, – dedi u.

Japarov Qirg‘iziston mustaqilligi, uning 5000 yillik tarixi aks etgan, yoshlar va kelajak avlodlarni ilhomlantiradigan madhiya yozish mumkinligini aytdi. U amaldagi madhiya ham unutilmasligi, mamlakat tarixida qolishini ta’kidladi. (Ma’lumot uchun 2023-yilda mamlakat bayrog’iga o’zgartirish kiritilgan edi).

“Ba’zi demokratlar va populistlar bayroqni o‘zgartirish g‘oyasiga qarshi chiqdi. Hozirgi bayrog‘imiz yomonmi? Bu avvalgi bayroq bilan solishtirganda oldinga tashlangan qadam edi. Eski bayrog‘imizdagi quyosh ramzi yo kungaboqarga, yo “yog‘och arralash” belgisiga o‘xshardi. Hozirgi bayroqni ko‘rgan har qanday kishi uning quyosh nuri ekanini darhol tushunadi. U charaqlab turibdi, dedi siyosatchi”.

Japarov madhiyani o‘zgartirish shoshilinch hal qilinmasligini aytdi. U avval yangi madhiya yozilishi, so‘ngra u xalqqa taqdim etilishini bildirdi.

Qirg‘iziston prezidenti fikricha, madhiya yosh bolalardan tortib keksalargacha barcha uchun tushunarli bo‘lishi, bayramlarda va konsertlarda ijro etilishi kerak.