Jamiyat

Farg‘onada ariqdan erkak kishining jasadi topildi

Farg‘onada ariqdan erkak kishining jasadi topildi

Farg‘ona shahrida ariqdan 46 yoshli erkak o‘lik holda topildi. Erkakning shaxsi aniqlangan va uni xotini tanib olgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

2024-yil 2-noyabr kuni soat 08:30 da Farg‘ona shahar prokuraturasiga IIB navbatchilik qismidan shaharning “Cheksho‘ra” MFY Charog‘on ko‘chasidan o‘tgan ariqdan noma’lum shaxsning murdasi tan jarohatlarisiz topilgani xabari berilgan.

Holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokurori rahbarligida tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilganda, ishga aloqador holatlar aniqlanmagan va ashyoviy dalillar olinmagan.

Tezkor surishtiruvlar davomida marhum 1978-yilda Rishton tumanida tug‘ilgan, Farg‘ona shahri “Ilg‘or” MFY Farovon turmush ko‘chasidagi xonadonlarning birida yashovchi S.R. ekani aniqlangan va u turmush o‘rtog‘i N.J. tomonidan tanib olingan.

O‘lim sababini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumning tanasida jarohatlar aniqlanmagan.

Erkakning o‘limiga “nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya” sabab bo‘lgani haqida xulosa berilgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.