Jamiyat, Siyosat

Tadbirkorlik faoliyatini YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi

Tadbirkorlik faoliyatini YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda tadbirkorlarga iqtisodiyotning tayanchi sifatida qaralib, biznes muhiti tobora qulaylashtirib borilmoqda. Mahalladagi yakka tadbirkorlikdan tortib, yirik loyihalargacha qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada biznesga qiziqish va undan manfaatdorlik oshib bormoqda.

Buning bosh omili hayot talabidan kelib chiqib, tadbirkorlarning o‘z takliflari asosida ish tutilayotganidir.

Anʼanadagidek, bu yil ham 20-avgust kuni davlat rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Unda aytilgan muammo va fikrlar asosida tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshiruvlarni tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.

Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi.

Nizolar hal qilinishini yengillashtirish maqsadida 2025-yil 1-martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Bunda, ro‘yxatda yo‘q masalalar bo‘yicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab, tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni 3 ta toifaga ajratgan holda o‘tkaziladi.

Taqdimotda, shuningdek, tadbirkorlar faoliyatida noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish, nazorat organlarining tekshiruvchi xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha ham fikrlar bildirildi.

Davlat rahbari bu choralarni huquqiy jihatdan takomillashtirish, amaliyotda adolatli qo‘llanishini taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.