Iqtisod, Yangiliklar

Ayrim tadbirkorlarga to‘langan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi

Ayrim tadbirkorlarga to‘langan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi

Hukumat qarori bilan umumiy ovqatlanish, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

2024-yil 1-oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga – budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasining naqd pulsiz qismi:

➖60 foiz va undan yuqori bo‘lganda — budjetga to‘langan soliqning 40 foizi;

➖60 foizdan kam bo‘lganda — budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.

Tadbirkorlik sub’yekti soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.

Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:

🔸hisobot davrida soliq bo‘yicha taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq budjetga to‘liq to‘langanda;

🔸hisobot davrida umumiy ovqatlanish, turoperatorlik yoki mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha umumiy tovar aylanmasi jami tovar aylanmasining 90 foizidan kam bo‘lmaganda;

🔸hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

Vaqtinchalik nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.