Qirg‘izistonda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish maqsadida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishni rejalashtirishda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi mamlakat Ichki ishlar vazirligi.
Xabarda keltirilishicha, har bir ishtirokchi o‘z vazifalarini bo‘lishib olgan: tashkilotchilar, yordamchilar, moliyachilar, ijrochilar.
Rejaga ko‘ra, Bishkek yaqinida milliy sport o‘yinlarini o‘tkazish bahonasida 2024-yil 17-noyabrda bo‘lib o‘tadigan mahalliy Kengashlarga saylov kuni zo‘ravonlikka chaqirish, konstitutsiyaga zid chaqiriqlarni ilgari surish, hokimiyatni yana zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish uchun vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilganlar.
7 kishi qo‘lga olindi, ulardan uch nafari asli qirg‘izistonlik bo‘lgan xorij fuqarolari ekani ma’lum qilindi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy fuqarolardan ikki nafari xorijiy davlat hududidagi harbiy harakatlarda qatnashgan. Ulardan biri Qirg‘izistonga fuqarolarni yollash, ularning jismoniy tayyorgarligi va tartibsizliklar paytida huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini kuzatishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi “uchuvchisiz uchish uchoqlari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis, portlovchi moslamalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha malakaga ega bo‘lgan. Hibsga olinganlardan yana biri Qirg‘iziston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari.
Qo‘lga olinganlardan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va dronlar musodara qilindi. Ularga “Ommaviy tartibsizliklar tayyorlashni tashkil etish”, “uyushgan guruh tuzish”, “uyushgan guruhni moliyalashtirish”, “hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga urinish”, “Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosining xorijiy davlat hududidagi qurolli mojaro yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishi” kabi moddalar bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Ularning barchasi sud qarori bilan 2025-yil 10-yanvarga qadar qamoqqa olingan.
Kloop bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Kuban Adil uulu hibsga olingani haqida xabar berdi. U mazkur lavozimda 2021-yildan beri ishlab kelayotgan bo‘lgan. Shu yilning aprel oyida mamlakat prezidenti Sadir Japarov uni egallab turgan lavozimidan ozod qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!