JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 5-turi doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Qatar bilan o‘yinda juda alamli mag‘lubiyatga uchradi.
Srechko Katanets shogirdlari uchun birinchi bo‘lim juda omadsiz o‘tdi. Eldor Shomurodov 21-daqiqada jarohat olib, maydonni tark etgach, zaxiradan betob bo‘lgan Jaloliddin Masharipov tushdi. Biroq bo‘lim yakuniga qadar vaziyat yanada yomonlashdi. 26 va 41-daqiqada Afifning uzatmalaridan keyin Ali Almoez dublga erishib, jamoasini ikkita to‘p farqidagi ustunlik bilan tanaffusga olib chiqdi – 2:0.
Katanetsning ikkinchi bo‘limdagi o‘zgarishlari nihoyat 75-daqiqaga kelib o‘z samarasini berdi. Hujumkorlikni oshirgan vakillarimiz Abbosbek Fayzullayevning bosh bilan yo‘llagan zarba bilan hisobni qisqartirgan bo‘lsa, oradan 5 daqiqa o‘tib, yana 21 yoshli yarimhimoyachining o‘zi katta sahnaga chiqib, Masharipovning uzatmasini golga aylantirdi – 2:2.
So‘nggi daqiqalarda ushbu durangni saqlab qolish uchun yarimhimoyachi Azizbek Turg‘unboyev o‘rniga himoyachi Rustam Ashurmatovning maydonga tushirilishi o‘zini oqlamadi. 90+12-daqiqada qatarliklar Mendesning goli evaziga g‘alabani ilib ketishdi – 3:2.
Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi Dohadagi alamli mag‘lubiyatdan keyin 10 ochko bilan guruhda Erondan (13 ochko) keyin 2-o‘rinda bormoqda. Qatar esa 7 ochko bilan 4-o‘rinda qoldi.
O‘zbekiston navbatdagi turni 19-noyabr kuni Laosda KXDRga qarshi o‘tkazadi.
Guruhdagi ikkinchi bahsda BAA Qirg‘iziston ustidan yirik 3:0 hisobida zafar quchdi va 7 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!