25-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining navbatdagi 41-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyatining tarkibi qayta shakllantirib olindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Bosh Assambleya a’zolari, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning mas’ullari ishtirok etishdi. Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi va MOQ nizomiga asosan har bir Olimpiya siklida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rahbariyati tarkibi qayta shakllantirib olinishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Prezident 2022-yil 23-may kuni Sport vaziri Adham Ikramovga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu bois, Adham Ilhamovich Bosh Assambleya avvalida ortda qolgan Olimpiya siklida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Bosh vazir prezident nomzodini ilgari surdi
Tadbirda so‘z olgan Bosh vazir qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida to‘xtalar ekan, to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar, kutilgan natijani qayd etmagan federatsiyalar xususida tanqidiy fikr bildirdi. Shundan so‘ng kun tartibidagi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. Dastavval, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yangi rahbar saylandi. Abdulla Nig’matovich ushbu lavozim uchun nomzod haqida to‘xtalar ekan, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, mamlakatning ko‘p ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich nomzodini ilgari surdi. Nomzod barcha delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisi etib saylandi.
Qo‘mita raisining o‘rinbosarlari tarkibi
Bundan tashqari, Qo‘mita raisining o‘rinbosarlari tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga muvofiq, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, Oybek Kasimov Bosh kotib va Sherzod Tashmatov rais o‘rinbosari lavozimiga saylanishdi. Tadbir davomida Qo‘mitaning yangilangan ustavi ham tasdiqlab odindi. Shuning bilan, MOQning 41-Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!