Jahon

Rossiya kadrlar yetishmovchiligi muammosiga duch kelmoqda

Rossiya kadrlar yetishmovchiligi muammosiga duch kelmoqda

Qayd etilishicha, 73 foiz korxonalar bu muammoga duch kelmoqda, ayniqsa sanoat, sog‘liqni saqlash va qurilish sohalarida  sezilmoqda. Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina, so‘nggi yillarda ishsizlik darajasi rekord darajada past bo‘lishiga qaramay, kadrlar yetishmovchiligi mamlakatda ishlab chiqarishni cheklovchi asosiy omilga aylanganini ta’kidladi.

Rossiyaning yirik sanoat markazlaridan biri bo‘lgan Novosibirsk viloyati, kadrlar yetishmovchiligi muammosiga duch kelmoqda. Viloyat Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri Yelena Baxareva, mintaqadagi vakansiyalar soni rasmiy ishsizlar sonidan olti barobar ko‘p ekanligini ta’kidladi. Bu holat esa, mehnat resurslari yetishmovchiligini yanada kuchaytirib, viloyatdagi iqtisodiy faoliyatni cheklamoqda.

Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning iyul-sentyabr oylarida Rossiyada 74 milliondan ortiq odam ishlagan. Biroq, Rossiya mehnat vazirligi tomonidan taqdim etilgan “Работа России” portalida hozirda 1,6 milliondan ortiq vakansiyalar mavjud. Eng katta talab sanoat va ishlab chiqarish sohalarida kuzatilmoqda. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida ham xodimlarga ehtiyoj yuqori.

Kadrlar yetishmovchiligini qoplash maqsadida Rossiya hukumati xorijlik migrantlarga ishlash ruxsatnomalarini ko‘paytirdi. 2024-yilning boshidan buyon Rossiya Ichki ishlar vazirligi 120 mingta migrantga ishlash ruxsatnomasini bergan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga ko‘p. Ruxsatnomalar asosan sabzavot yetishtirish mutaxassislari, tikuvchilar va montajchilarga berilgan. Novosibirskda, shuningdek, qurilish va sanoat sohalarida migrantlarga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshgan.

Migrantlarga bo‘lgan talabni qondirishda qiyinchiliklar mavjud. Ko‘plab migrantlar Rossiyaga ruxsatsiz ishlash uchun kelgan va hozirda ularning deportatsiya qilinishi davom etmoqda. “Ximmetall” kompaniyalar guruhi bosh direktori Yevgeniy Gavrilovning aytishicha, migrantlar bilan ishlash hali ham oson emas. Ularning ko‘pchiligi ruxsatsiz ishlagan, hozir esa buni amalga oshirish yanada qiyinlashgan.

Yevgeniy Gavrilovning fikriga ko‘ra, kadrlar yetishmovchiligi sababi sifatida kasb obro‘sizlanishini ko‘rsatmoqda.

“Bugungi yoshlar og‘ir jismoniy mehnatga qiziqmaydi, bu esa bo‘sh ish o‘rinlarining to‘ldirilishini qiyinlashtiradi. Tadbirkorlar taxminiga ko‘ra, qurilish bozorining qisqarishi kadrlar yetishmovchiligini kamaytirishi mumkin, bu esa korxonalarning iqtisodiy holatini yanada og‘irlashtiradi”, – deydi u.

Iqtisodiyotdagi kadrlar yetishmovchiligi hali hambartaraf etilgani yo’q. Agar bu muammo hal qilinmasa, ko‘plab kompaniyalar bankrot bo‘lishi mumkin. Rossiya mehnat bozorining qisqarishi va kadrlar yetishmasligi hali ham iqtisodiyot uchun katta xavf tug‘dirmoqda.