Jahon

Rossiyada polkovnik migrantlar hujumiga uchradi

Rossiyada polkovnik migrantlar hujumiga uchradi
15-noyabr kuni kechqurun Moskva viloyatida Rossiya IIV Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklandi. Hujumni sodir etishda muhojirlar gumon qilinmoqda. Ayni vaqtda barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.

Telegramdagi “Вся Московья” kanali xabariga ko‘ra, hujumda osiyolik ko‘rinishga ega bo‘lgan bir guruh shaxslar qatnashgan. “MK” nashri esa voqea tafsilotlarini ochiqladi. Unga koʻra, Moskva viloyati korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari xizmat avtomobilida uyiga qaytayotgan paytda mojaro yuzaga kelgan. Gumon qilinuvchilarning iddaosiga ko‘ra, ofitserning nasihatlari hujumga sabab bo‘lgan.

Hujumni amalga oshirgan shaxslar Qirg‘iziston fuqarolari ekani aniqlangan. Ularning barchasi Vladimir viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan. Migrantlarning ikki nafari zavod ishchisi bo‘lib, uchinchisi tadbirkor sifatida faoliyat yuritadi.

Hujum natijasida polkovnik turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Ayni paytda uning sog‘ligi haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Huquq-tartibot organlarining maʼlum qilishicha, migrantlar hujumni bezorilik maqsadida amalga oshirgan. Biroq mojaro qanday sabab bilan boshlanganligi va polkovnikning “nasihatlari”ning mazmuni hali ma’lum emas.

Migrantlarning barchasi qo‘lga olingan va ular ustidan tergov ishlari boshlangan.