Xitoyning Shandun provinsiyasida Bank of China boshqaruvining sobiq raisi Lyu Lyange o‘lim jazosiga hukm qilindi, deb xabar bermoqda “Sinxua”.
Sud, shuningdek, Lyuning barcha mol-mulkini musodara qilish va fuqarolik huquqlaridan mahrum qilish haqida qaror chiqardi.
Tergov ma’lumotlariga ko’ra, Lyu 121 million yuandan ortiq pora olgan va kreditlar berilishiga noqonuniy yordam bergan. U 2023- yilning oktyabridan beri hibsda saqlanmoqda.
Hukmga ko’ra, o’lim jazosi ikki yilga to’xtatildi. Agar Lyu shu vaqt ichida yangi jinoyatlarni sodir etmasa, u umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
Bank of China Xitoydagi eng qadimgi bank boʻlib, davlatga tegishli hisoblanadi. Bank bozor kapitallashuvi bo’yicha dunyodagi eng yirik banklar o’ntaligiga kiradi.
So‘nggi yillarda Xitoy rasmiylari korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli ish olib bormoqda, jumladan, yuqori martabali amaldorlar va yetakchi biznesmenlar faoliyati jiddiy nazorat ostiga olingan. 2024-yil boshidan buyon hukumat maʼlumotlariga koʻra, jami 589 mingdan ortiq kishi javobgarlikka tortilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!