Ukraina Qurolli kuchlari maʼlumotlariga ko‘ra, hujumda 57 ta X-101 qanotli raketalari, 28 ta “Kalibr” qanotli raketalari, uchta S-300 zenit raketalari, uchta X-59/69 boshqariladigan raketalari, shuningdek, 97 ta Shahed va yana boshqa nomaʼlum turdagi dronlardan foydalanilgan. Ukraina havo mudofaasi 76 ta X-101 va “Kalibr” qanotli raketalarini, uchta X-59/69 raketalarini va 35 ta dronni urib tushirdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bir necha viloyatlarda kassetali o‘q-dorilar bilan jihozlangan “Kalibr” raketalari yordamida fuqarolik infratuzilmasiga hujumlar qayd etilgan.
«Ushbu kassetali qurol qismlari bizning qutqaruvchilarimiz va energetiklarimiz uchun zarba oqibatlarini bartaraf etishni ancha qiyinlashtiradi. Bu Rossiya terroristik taktikasining o‘ta jirkanch shaklidir», — deb yozdi Ukraina rahbari Telegram kanalida.
Zelenskiy, shuningdek, yana bir bor G‘arb hamkorlarini Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan taʼminlashga chaqirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!