Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qilgan.
Uning qayd etishicha, hozirda O‘zbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmagan. Natijada, ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qilishadi.
Behzod Hamrayev bunday kartalardan keyinchalik firibgarlar pul mablag‘larini o‘zlashtirish sxemalarida foydalanayotganini ta’kidladi.
Qanday cheklov o‘rnatish taklif qilinayotgani haqidagi savolga regulyator raisi o‘rinbosari aniq javob bermadi. Markaziy bank maqbul yechim topish uchun mazkur masalani tahlil qilishni rejalashtirmoqda, dedi u.
Fuqarolar kredit olish uchun ariza topshirishda biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari kerak. Bu arizaning shaxsan talabgorning o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga aniqlik kiritish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ilova orqali yangi hisob qaydnomasini ro‘yxatdan o‘tkazgan yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirganda onlayn kreditni birinchi marta olishga cheklovlar o‘rnatiladi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bo‘yicha 463ta holat qayd etilgan. Umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Oktabr oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolishini ma’lum qilgandi. Besh oy ichida regulyator onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalarining asosini belgilaydigan mexanizmlarni takomillashtiradi va sinovdan o‘tkazadi.