Jamiyat

Opasining nomusini himoya qilgan uka noqonuniy qamoqqa olindi

Opasining nomusini himoya qilgan uka noqonuniy qamoqqa olindi

AJABO! O‘z opasini nomusini himoya qilgan uka noqonuniy qamoqqa olindi, jinsiy tajovuz qilgan shaxs esa jabrlanuvchi rolida.

Ajib sudlarmiz va tergov tizimimiz borda!

R(ayol), Payariq tumani “Go‘zal” MFY hududida joylashgan “O‘ztelekom” aksiyadorlik korxonasi Samarqand filiali Payariq tuman bo‘limi binosining 2- qavatida savdo faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Turmush o‘rtog‘i ham shu yerda bolalarga ingliz tilini o‘rgatish bilan shug‘ullanadi.

2024-yil 25-oktyabr kuni kechki payt R dukonda savdo qilayotgan vaqtida turmush o‘rtog‘i farzandini bog‘chadan olish uchun chiqib ketadi, shu payt Payariq tumani “Go‘zal” MFY hududida joylashgan “Uztelekom” aksiyadorlik korxonasida ishlovchi U. R.ning turmush o‘rtog‘i chiqib ketganini ko‘rib, o‘zining g‘araz maqsadini amalga oshirish uchun Rni do‘koniga kirib kelib, o‘ziga shim sotib olmoqchi ekanligini aytadi va bir dona shimni olib kiyib ko‘rish uchun mo‘ljallangan joyga kirib ketadi.

«Menga bu shim to‘g‘ri kelmadi boshqasini olib bering» deydi, R. unga boshqa shim olib berayotgan vaqtida to‘satdan unga tashlanib, uning kiyimini yecha boshlaydi.

R. bor kuchi bilan unga karshilik ko‘rsatadi va baqiradi. U. ayolning ustidagi xalatini yechib oladi, shu payti farzandining ovozi eshitiladi va u Rni qo‘yib yuboradi. R. uning changalidan qochib chiqadi, turmush o‘rtog‘i farzandini bog‘chadan olib kelgan ekan, u R. ning yig‘layotganini ko‘rib U. tomonga qarab borayotganida U. orqa tomondagi zinadan qochib ketadi.

Shundan so‘ng, R. ushbu holatni ukasiga ham yig‘lab telefon qilib aytib beradi.

2024-yil 29-oktyabr kuni ukasi U. bilan gaplashib: «Nimaga meni opamga tajovuz qilding, opam senga biron narsa deganmidi? Nimaga uning oilasini barbod qilayapsan?- deganida U:» tushunmovchilik bo‘ldi, kechirim so‘rayman» deb o‘zini oqlamoqchi bo‘ladi. Uka jahli chiqib uning yuziga ikki musht urgan. Shundan so‘ng U. kaslxonaga yotib olib, agar 3000 AQSH dollari bermasa ukani qamatishini aytadi.(o‘sha ikki musht urilgan video tasvir ham ish hujjatlarida mavjud)

Bu ham yetmagandek U.ni akasi R. va turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish maqsadida o‘zining boshqaruvidagi avtomashina bilan R. va turmush o‘rtog‘ini bosib ketmoqchi bo‘lganda ular qochib qolib baxtli tasodif bilan sog‘ omon qoladi va U.ni akasi ularni avtomashinasini kelib uradi va IIB xodimlari yana ular tarafda turib ish qilishiga ishongan holda guyoki R. va uning turmush o‘rtog‘i uning avtomashinasini urgani haqida IIBga ariza beradi va IIB xodimlari R. va uning turmush o‘rtog‘ini IIB binosiga olib borishadi va U.ning qarindoshlari ularni o‘ldirishini aytib xohlagancha haqorat qilishadi.(Eng achinarlisi U akasi R va uning turmush o‘rtog‘ini o‘ldirmoqchi bo‘lib ustiga avtomashina haydagani videosi IIB tergovchisida turibdi).

O‘z opasini nomusini himoya qilmoqchi bo‘lgan uka 3000 AQSH dollari topib bera olmagani uchun 105-modda 2 qismi “i” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, Payariq tuman prokurori iltimosnomasi bilan JIB Payariq tuman sudi raisi E.Sh.Olmosov tomonidan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etganligi vajida qamoqqa olindi. Prokuror iltimosnomasida keltirilgan yagona vaj tergov va suddan bo‘yin tovlashi mumkinligi taxmin qilingan, vaholanki, shu kunga qadar uka tergovchini har chaqirig‘iga o‘z vaqtida kelib tergovchining konspektlarini yozish ishlarini xam vijdonan bajarib kelgan.

Ukaning doimiy yashash va ish joyiga ega ekanligi, yashash va ish joyidan ijobiy tavsiflanishi, qaramog‘ida 4 nafar voyaga yetmagan farzandlari va 2-guruh nogiron onasi borligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, u tomonidan sodir qilingan qilmish aslida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarning oldini olish maqsadida qilinganligi haqida keltirgan barcha faktlarimiz sudga prokuror tomonidan keltirilgan birgina asossiz vajni oldida hech narsa bo‘lmay qoldi.

Adolat istab viloyat sudi apellyatsiya instansiyasiga kiritgan shikoyatimiz ham apellyatsiya instansiyasida raislik qiluvchi Z.Ibragimov raisligida ko‘rib chiqildi, natija o‘sha o‘sha “eski hamom eski tos” prokuror tomonidan iltimosnoma kiritildimi BAS qabilida ish ko‘rildi.

Menda bir savol tug‘ildi, Oliy sud raisi ham advokatlar bilan uchrashuvda tergov hibsxonalari mahbuslar bilan to‘lib ketganligini, sudyalar tomonidan noqonuniy tergov harakatalariga nisbatan xususiy ajrimlar chiqarilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini aytib, “shablon” tarzda qamoqqa olishga sanksiyalar berilishiga qarshi ekanligini bildirdi. Sudyalarni bunday sanksiyalar berishga nima majbur qilayotgan ekan-a?

Ushbu birgina savolga Oliy suddan javob kutib qolaman.

ADVOKAT A.Mamatov