Jamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurash: murosa va toqat yo‘q

Korrupsiyaga qarshi kurash: murosa va toqat yo‘q

Bojxona qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida «9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni» munosabati bilan Bojxona institutida noanʼnaviy ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bojxona instituti kursantlari, taniqli diniy va jamoat faollari, sanʼat namoyondalari ishtirok etdi.

O’zbekiston bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Aksilkorrupsiya haftaligi» doirasida tashkil qilingan tadbir kun tartibidan korrupsiya mavzusiga bag‘ishlangan kursantlar ijrosidagi sahna ko‘rinishlari namoyishi hamda tasviriy sanʼat ishlari ko‘rgazmasi ham joy oldi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda Muhtaram Prezidentimizning alohida eʼtiborlari va saʼy-harakatlari bilan bojxona organlari faoliyati tubdan isloh qilindi.

So‘nggi yillarda sohani korrupsiyadan holi tizimga aylantirish, bojxona infratuzilmasini takomillashtirish, bojxona xizmatlarini raqamlashtirish, tadbirkorlarga barcha qulayliklarni yaratish va kadrlar salohiyatini oshirishsohasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda,  eng avvalo, bojxona xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy taʼminotini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, uy-joyga muhtoj xodimlarga subsidiya va ssudalar berildi. Hozirda 15 nafar bojxona xodimlari oylik ish haqi saqlangan holda nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olmoqda.

Bu yo‘nalishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirga qadar 3 ming nafarga yaqin bojxona xodimlari “komplayens – nazorat tizimi” yo‘nalishida o‘qitildi.

Bojxona organlariga ishga qabul qilishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida nomzodlarni bojxona organlariga qabul qilishning shaffof tizimi joriy qilindi.

Hech kimga sir emas, har qanday sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish sohani raqamlashtirish bilan uzviy bog‘liqdir.

So‘nggi ikki yilda bojxona organlari faoliyatiga 23 ta yangi axborot tizimlari, 14 ta yangi elektron xizmat  va 9 ta yangi mobil ilova joriy etildi.

Mamlakat tashqi savdo aylanmasi yiliga 2 barobarga, chegaralar orqali transportlar harakatlanishi 2,8 barobarga, yo‘lovchilar harakatlanishi 2 barobarga ortayotgan bo‘lsada, sohani raqamlashtirish hisobiga eksport tovarlarining 87 %
va import tovarlarining 81 % soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi.

Yangi tashkil etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi orqali deklaratsiyalash 100 % masofaviy tarzga o‘tkazilib, tovarlarning logistika zanjiridagi harakati to‘liq nazoratga olindi.

Bojxona organlarida axloqiy-ruhiy muhitni sog‘lomlashtirish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish choralari ko‘rilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor xodimlarni jazolashga emas, balki, salbiy holatlarni barvaqt oldini olishga (preventiv choralar) qaratilmoqda.

Sohaga tadbiq etilgan “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” dasturi orqali manfaatlar to‘nashuvini aniqlash mexanizmlari avtomatlashtirilishiga erishildi.

O‘z navbatida xodimlar tomonidan salbiy hatti-xarakatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida umumiy tartibda 367 marotaba, yakka tartibda 810 marotaba profilaktik tarbiyaviy ishlar olib borildi.

Bu borada ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar o‘z natijasini bermoqda.  Korrupsiyaga qarshi kurashish va raqamlashtirish yo‘nalishidagi reyting baholash tizimlarida Bojxona qo‘mitasi yuqori o‘rinlarda turibdi. Shuningdek, “Komplayens-nazorat” tizimini samarali joriy etgan tashkilot sifatida ham eʼtirof etilgan.

Ochiq muloqot yakunida korrupsiya illatining salbiy oqibatlarini o‘z sahna ko‘rinishlari va tasviriy sanʼat ishlarida mazmunli va taʼsirchan ochib bera olgan kursantlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.