Shu yilning 4–5–dekabr kunlari Bryusselda Yevropa Ittifoqining GSP+ (Generalised Scheme of Preferences) imtiyozlar tizimini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqining 28 ta aʼzo mamlakati va birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etdi. Mamlakatamiz nomidan tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) delegatsiyasi qatnashdi.
Uchrashuvda o‘zbek delegatsiyasi 2021-yilda GSP+ benefitsiar maqomini olganidan buyon amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdi. Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida Yevropa Ittifoqiga eksport qariyb uch baravarga oshib, 1,15 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 6 200 dan ortiq imtiyozli tovar turidan 1 100 ga yaqin mahsulot, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari uchun barqaror eksport yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonning ulkan eksport salohiyatini inobatga olgan holda, delegatsiya GSP+ doirasida imtiyozli tovarlar ro‘yxatini yangi uzilgan mevalar va sabzavotlar bilan kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, mavsumiy eksport kvotalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning muddatini uzaytirishni tavsiya etdi. Bu mahsulotlar yetkazib berish barqarorligini taʼminlab, Yevropa bozorida o‘zbek tovarlarining raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ISSV vakillari GSP+ imtiyozli rejimi amal qilish muddatini yana 10 yilga uzaytirish taklifi bilan chiqdi. Bu erishilgan natijalarni mustahkamlash va Yevropa Ittifoqi bilan uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.
Muhokama qilingan masalalar
Konstruktiv suhbat davomida o‘zbek tovarlarining Yevropa bozoriga kirish shartlarini yaxshilash masalalari, jumladan, prokatlangan metall mahsulotlari uchun import kvotalarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zbek mahsulotlarini Yevropa standartlariga moslashtirish uchun YEI tomonidan texnik ko‘mak jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o’tamiz, 2023-yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning GSP+ imtiyozlar tizimiga a’zoligini 2027-yilgacha uzaytirgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!