Viloyat hokimlari bu yil bittadan namunaviy ko‘cha qilib, nogironligi borlar uchun qulay sharoit yaratishi kerak edi.
Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida bu boradagi ishlar boshlangan, qolgan viloyatlar loyiha ham qilmagani, mablag‘ ham bermagani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga bu ishlarni ikki oyda yakunlab, kelgusi yil har bir tumanda yana bittadan ko‘chada qilish vazifasi qo‘yildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari I.Adhamovga bu borada o‘zgarish qilmaganlarga qatʼiy chora ko‘rish topshirildi.
Prezident bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.
Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun taʼlim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.
Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha taʼlimi berildi.
Viloyat hokimlariga o‘zidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri H.Umarovaga 2025-yilda kambag‘allik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarini 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.
Kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Mutasaddilarga 1 martgacha to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash topshirildi.
To‘garak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi.
Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025 yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Oliygoh rektorlari ham kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘ladi. Vazir Q.Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!