Jamiyat

Odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson bo‘lgan – Prezident

Odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson bo‘lgan – Prezident

Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida yangi ijtimoiy himoya tizimini tashkil etishda O‘zbekistonga yaqindan ko‘maklashayotgan BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, YUNISEF vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijio va Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakovaga bugungi yig‘ilishda ishtirok etayotganlari uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Qayd etilganidek, joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi.

Masalan, oldin odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu masala 2 haftada mahallada hal bo‘lmoqda. Shuni o‘zidan 100 ming odamni og‘iri yengil bo‘ldi.

Odamlar protezni 95 ta ishlab chiqaruvchi orasidan elektron tizimda o‘zi tanlayapti, raqobat va sifat ham yaxshilandi.

Nogironligi bor bolalarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar mahallada qabul qilinayapti. Bu 700 nafar ota-onani ishlashiga sharoit yaratdi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksalar aniqlanib, ularga uyini o‘zida qarab turish yo‘lga qo‘yildi.

Yig‘ilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi. 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.

Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz.

Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir masʼulga aniq vazifa belgilash topshirildi.

Shuningdek, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.

Ushbu viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash topshirildi.