Hukumat qaroriga binoan, O‘zbekistonda onlayn qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish uchun 5 yillik litsenziya joriy etiladi. Ushbu chora Prezident farmonining ijrosini ta’minlash va qimor o‘yinlarini tartibga solishni takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimor o‘yinlari va lotereyalarni nazorat qilish uchun stavkalar va o‘yinlarning yagona davlat registrini yuritadi. Ushbu registrda o‘yinchilar ro‘yxati, o‘yinlardagi cheklovlar, mablag‘ sarflash bo‘yicha limitlar va moliyaviy tranzaksiyalar qayd etiladi.
Hujjatda registr tashkil etish va boshqarishning quyidagi maqsadlari qayd etilgan:
1. Pul aylanmalari ustidan nazorat qilish va ularni konsolidatsiya qilish;
2. O‘yinchilar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan hollarda;
3. Qimorga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurash.
Qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish maqsadida o‘yinchilarga sarflash mumkin bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha maxsus limitlar belgilanishi nazarda tutilgan. Bu, ayniqsa, o‘yin qaramligi bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarni kamaytirishga qaratilgan.
Internetda qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun 5 yillik namunaviy litsenziya beriladi. Ushbu muddatda faoliyat ko‘rsatish uchun operatorlar davlat tomonidan belgilangan barcha talablarga rioya qilishi lozim.
Ushbu qaror orqali hukumat qimor o‘yinlarini tartibga solishni takomillashtirish, mablag‘lar aylanmasini nazorat qilish va ijtimoiy muammolarni kamaytirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, qimor o‘yinlariga qiziqish ortayotgan davrda o‘yinchilar manfaatlarini himoya qilish ham e’tiborga olingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!