Jahon

Saudiya Arabistoni “Milaf Cola” – an’anaviy ichimliklarga muqobil mahsulot taqdim etdi

Saudiya Arabistoni “Milaf Cola” – an’anaviy ichimliklarga muqobil mahsulot taqdim etdi

Saudiya Arabistoni oziq-ovqat sanoatida yangi qadam tashlab, tarkibida shakar bo‘lmagan yangi gazlangan ichimlik – “Milaf Cola”ni ishlab chiqdi. Ushbu mahsulot mamlakatning oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar turini kengaytirish maqsadini ko‘zlaydi.

“Milaf Cola”ning rasmiy taqdimoti Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan xurmo festivalida o‘tkazildi. Ushbu mahsulot Saudiya Arabistoni xususiy investitsiya fondining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan “Thurath Al Madina” tomonidan ishlab chiqarilgan. Kompaniya vakillarining ma’lum qilishicha, bu ichimlik Saudiya xurmo sanoatini ichki va xalqaro bozorlarda diversifikatsiya qilish strategiyasining bir qismidir.

Saudiya Arabistoni Atrof-muhit, suv va qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda xurmo yetishtirish hajmi yiliga 1,6 million tonnadan oshgan. Ushbu ko‘rsatkich xurmo yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarining kengayishi (165 ming gektar) bilan izohlanadi. Bu esa mamlakat oziq-ovqat sohasidagi eksport salohiyatini yanada oshirishga imkon yaratmoqda.

“Milaf Cola” an’anaviy gazlangan ichimliklarga sog‘lom muqobil sifatida ishlab chiqarilgan. Tarkibida shakar bo‘lmagan ushbu ichimlik nafaqat mahalliy bozor ehtiyojlarini qondirishga, balki global miqyosda Saudiya Arabistoni mahsulotlarini tanitishga xizmat qiladi.

Ushbu loyiha Saudiya Arabistonining “Vision 2030” dasturi doirasidagi oziq-ovqat va ichimliklar sohasidagi innovatsion yondashuvining bir ko‘rinishi hisoblanadi. Yangi ichimlikning jahon bozorida qanday qabul qilinishi esa yaqin kelajakda ma’lum bo‘ladi.