Bular mamlakatimizda energetika tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli ishlarning davomidir. O‘tgan yili dekabrda 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflarida ham ko‘plab loyihalarga asos solinmoqda.
Bu galgi marosimda umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha tayyorlangan. Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida qariyb 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya qurib bitkazilgan. O‘zbekistonda ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli energiya saqlash tizimi barpo etilgan. Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES shay holatga keltirilgan.
Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 2,5 ming megavattli 6 ta elektr inshooti qurilish arafasida.
Ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Eng muhimi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi. Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Umuman, yurtimizda kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 2016 yilga nisbatan 25 milliard kilovatt soat yoki 1,5 barobar ko‘pdir.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, bu loyihalarning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilayotganini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va Germaniya kompaniyalariga, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Mamlakatimizda xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida oxirgi 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgan. Avval to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan bu tizimda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi faoliyat boshlagan.
Jumladan, “yashil energetika” sohasida 3,5 ming megavattli yoki 10 milliard kilovatt soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi. Buning natijasida joriy yilda tarmoqda “yashil energiya” ulushi 16 foizdan oshdi.
Ma’lumki, o‘tgan yili mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollarlik tarixiy marrani zabt etdi. 2030-yilga borib, iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Bu kelgusi 5 yilda yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni hozirgidan 1,5 barobar oshiradi. Qolaversa, Parij bitimi doirasida 2030-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirish mo‘ljallangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!