Yangiliklar

Ozodbek Nazarbekov “Qirg‘iziston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi

Ozodbek Nazarbekov “Qirg‘iziston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonmadaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni qabul qildi.

O‘zaro muloqot chog‘ida Qirg‘iziston yetakchisi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy do‘stlik va adabiy aloqalar rivoji xususida so‘z yuritdi.

– Xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turadi, -dedi S.Japarov. – 1992 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi va bu hamkorlikni mustahkamlashda madaniyat sohasi muhim o‘rin tutadi.

Prezident Sadir Japarov Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iz Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, uning mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etdi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri O.Nazarbekov o‘z faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun davlat rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishini aytdi.

Shuningdek, vazir ayni damda O‘zbekistonning yetakchi teatrlari qirg‘izistonlik hamkasblari bilan birgalikda qo‘shma teatr loyihasini yaratish ustida faol ish olib borayotganini ta’kidladi.