Madaniyat

Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari tashkil etildi

Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari, tuman (shahar) sektorlari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminar boshlandi. Tadbir davlat rahbarining 2024-yil 18-20 noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqlarida, shuningdek, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan rahbarlar oldida turgan vazifalarni chuqur o‘rganishga yo‘naltirildi.

Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ochib berdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz  Abduxakimov, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Ekologiya vazirligi va Turizm qo‘mitasi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

O‘quv seminarida bioxilma-xillikni asrash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyati, ekoturizmni rivojlantirish hamda zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan bo‘lishildi, mavzuga doir qator taqdimotlar o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yangi zamonaviy xizmat turlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrifi doirasida “Chorvoq darvozasi” va “Ugam River” turizm majmualarida bergan topshiriqlariga muvofiq sektor rahbarlariga taqdimot o‘tkazdi hamda ularning o‘z hududlarida shunga doir olib borishi mumkin bo‘lgan ishlarini muhokama qildi. Shu bilan birga, Bo‘stonliqda tashkil etilayotgan kapsula uylardan iborat zamonaviy dam olish maskaniga alohida to‘xtalib o‘tildi, zero bunday maskanlar ekologik nuqtai nazardan ayni muddaodir. Sektor rahbarlari ham o‘z hududlari doirasida ushbu yo‘nalishlarda  amalga oshirish mumkin bo‘lgan ishlar bilan bo‘lishishdi.

Bundan tashqari, seminarda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi yangi tendensiyalar muhokama qilindi.  Turizmning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlardan barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun kompleks choralar ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanishida muhim qadamlar tashlanayotgani haqidagi seminarda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar, shu jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, rekreatsiya zonalarini tashkil etish va sohadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tadbirlar haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, joylashtirish vositalari va modulli mehmonxonalar uchun ajratilayotgan subsidiyalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Bu subsidiyalar, turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining muhim bir qismi bo‘lib, sohadagi infratuzilmaning yaxshilanishiga va yangi investitsiyalar tartibini tashkil etishga yordam beradi.

Tadbirda ishtirok etgan Turizm qo‘mitasi mutasaddi xodimlari jamoat joylari va turizm namoyish obyektlarida sanitariya holatini yaxshilash va sayyohlar tashrif buyuradigan hududlarda servis xizmatlarini tashkil etish, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratish borasida hududlarda olib borilayotgan ishlar, rekreatsiya zonalarini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajribalar, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan shahar va tumanlarda master-rejalar ishlab chiqish asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, master rejalarga muvofiq hududlarni kompleks ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish, tabiiy hududlarda barqaror turizmga oid yondashuvlar, hududlarning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, kontentlar ishlab chiqish borasida olib borilayotgan ishlar, joylashtirish vositalari va modulli mehmonxonalar uchun ajratilayotgan subsidiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Tadbir ishtirokchilari Toshkent viloyatining turistik imkoniyatlari bilan yaqindan  tanishish uchun Bo‘stonliq tumaniga borishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, seminar natijalari O‘zbekistonning turizm sohasini global bozorda raqobatbardoshligini mustahkamlash va ekoturizm, etnoturizm, ekstremal turizm kabi yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish hamda mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.