Toshkent koʻchalarida mototsiklini samolyot tezligida (310 km/soat) haydagan yigitga chora koʻrildi.
U ijtimoiy tarmoqlarda mazkur harakatini ommaga eʼlon qilgan va boshqaruv jarayoni tasvirlangan videolarni oʻz sahifalariga joylagan. Fuqaro mazkur xatti-harakati orqali oʻzi va boshqa yoʻl harakati ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qoʻygan hamda qoidabuzarlikni targʻib qilgan.
Yakunda maʼlum boʻlishicha, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari ushbu shaxsga tushuntirish bergan va uning oʻzi ham uzr soʻragan:
“Qonunga xilof ish tutilgan. Bu narsadan yoshlar, umuman, kim koʻrayotgan boʻlsa, notoʻgʻri talqin qilib, bu narsadan oʻrnak olishini xohlamagan boʻlardik. Hayotiga va oʻzgalarning hayotiga xavf soladi. Boshqa qaytarilmaydi”, deya yigit uzr soʻragan.
Xabarda yozilishicha, hozirda huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128−3-moddasi 3-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 km/soatdan ortiq oshirib yuborishi BHMning 9 baravari yoki 3,37 mln soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi).
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!