“Afrosiyob” tezyurar poyezdi 2025-yildan Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida to‘xtab o‘tishni boshlaydi. Bu haqda prezidentning 2024-yil 29-noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga tayangan holda Samarqand shahri hokimligi xabar berdi.
Jamoatchilik uchun ochiq bo‘lmagan hujjatga ko‘ra, Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari»ga “Toshkent — Buxoro” yo‘nalishi bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahrida oraliq poyezdlar to‘xtab o‘tishini tashkil etish topshirilgan.Bundan tashqari, hujjatda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on o‘rtasida elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalari haqida so‘z boradi.
Shuningdek, yangi yo‘nalishlar, jumladan, “Bulung‘ur — Samarqand — Juma — Kattaqo‘rg‘on” yo‘nalishini ochish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida vokzallar infratuzilmasi yaxshilanadi, zamonaviy poyezdlar xarid qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgandi. 2025-yilda hududiy dasturlar doirasida viloyatga 1 milliard 850 million dollar sarmoya kiritish, 20 ming ish o‘rni yaratish, qo‘shimcha ravishda 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.