Jamiyat

Davlat bog‘chalarida ovqatlantirishni nazorat qilish markazi tashkil etiladi

Davlat bog‘chalarida ovqatlantirishni nazorat qilish markazi tashkil etiladi

Davlat bog‘chalarida sog‘lom ovqatlantirish tartibi takomillashtiriladi. Bu haqda “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.

Autsorsing tizimiga oʻtiladi

Qarorga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bosqichma-bosqich autsorsing usulida ovqatlantirish tizimiga o‘tkaziladi. Shuningdek, “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etiladi hamda oziq-ovqat xarajatlarining hisobi “Bolalar bog‘chasi” maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritiladi.

Qolaversa, ushbu qarorda davlat bog‘larida tarbiyalanuvchilarni “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida respublika hududlari kesimida bir tarbiyalanuvchi uchun kunlik ovqatlantirish xarajatini belgilash orqali ovqatlantirish ham ko‘zda tutilgan.

Yangi markaz ochiladi 

Qo‘shimcha qilinishicha, ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Nizom tasdiqlandi 

Qayd etilishicha, qaror bilan “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilarning sog‘lom, xavfsiz va sifatli ovqatlanishini ta’minlash maqsadida 2025-yil 1-iyulgacha “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etadi, ushbu sanagacha sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat bog‘chalarida tadbirkorlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishi va autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanadi.