Jamiyat, Jinoyat

Amerikaga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Amerikaga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi
Bugungi kunda mamlakatimiz fuqarolarini ishlash uchun chet elga borishlariga ko‘maklashish va xorijda bo‘lgan davrida ularning haq-huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan fuqarolarimizni o‘nga yaqin xorijiy davlatlarga yuborish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ammo, o‘rnatilgan tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan holda ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni chet davlatlarga ishga yuborishga urinish holatlari ham kuzatilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1982 y.t. S.A. o‘zining 2006 y.t. o‘g‘li S.M. bilan til biriktirib, 2 nafar mahalliy fuqaroning ishonchiga kiradi va tanishlari orqali ularni Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishini aytadi.

Buning evaziga S.A. ularning har biridan 11 ming AQSH dollaridan, jami 22 ming AQSH dollari so‘rab, ushbu pulning 70 foizini oldindan, qolgan 30 foizini esa viza hujjatlari tayyor bo‘lganidan keyin berishlari kerakligini talab qiladi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor  tadbirda u 15.400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi, 1999-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan A.N. o‘zining tanishlari yordamida poytaxtlik fuqaroni AQSHga ishga yuborish evaziga 21 ming AQSH dollari talab qilib, 9 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.