Jamiyat

“Humo” toʻlov tizimi sotildi

“Humo” toʻlov tizimi sotildi

“Paynet” AJ “Humo” toʻlov tizimini sotib oldi.

Maʼlum boʻlishicha, 100 foizlik davlat aksiyalar paketini sotish boʻyicha boshlangan ochiq savdo jarayonlarining Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida 6 nafar talabgor ishtirok etish uchun taklif qilingan.

Ushbu bosqichda Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitimni (NDA) imzolagan talabgorlarga xususiylashtirish boʻyicha konsultant “Deloitte” xalqaro kompaniyasi tayyorlagan “Milliy banklararo protsessing markazi” AJning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari bilan tanishish, shuningdek, AJning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratilgan.

Belgilangan muddatlarda “Deloitte” xalqaro kompaniyasi(Konsultant)ga “Milliy banklararo protsessing markazi” AJni sotib olish boʻyicha 3 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) kelib tushgan. Yakunda esa 65 mln AQSh dollari miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Paynet” AJ savdo gʻolibi deb topilgan.

Talabgor kelgusida “Milliy banklararo protsessing markazi” AJga tegishli “Humo” toʻlov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) maʼlumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.

Aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

 

Maʼlumot uchun, “Paynet” AJ Oʻzbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik toʻlov operatorlaridan biri hisoblanadi.